Soʻz boyligi va savodni oshiring. Soʻz qoʻllashni oʻrganing. Kirilda: @oriftolibuz Munozara guruhi: @oriftolib_fikrlar Reklama: https://bit.ly/3nHSpI6 Murojaat uchun: @oriftolib_xatlar_bot Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
⚡️Yosh kitobxonlarga ham 3ta elektromobil!
“Yosh kitobxon” tanloviga 3 ta yosh toifasi bo'yicha (10-14; 15-19; 20-30) 3 ta elektromobil qo'yiladi!
Eng yaxshi kitoblarni o'qib, siz nafaqat yangi bilimlarga ega bo'lish, ilm-fan rivojiga o'z hissangizni qo'shish, balki mukofot sifatida elektromobilni qo'lga kiritishingiz mumkin.
Tanlovning 2024-yilgi mavsumi tez orada start oladi @yoshkitobxon_bot telegram boti orqali ro‘yxatdan o‘ting!
@alisher_sadullaev
Bolalar uchun sovgʻa tayyorlaganmiz. Nasib qilsa, sentyabr oyida taqdim qilamiz.
Kitoblar 3+ yosh toifasidagi bolalar uchun moʻljallangan.
Mualliflar:
Dinara Muminova
Nilufar Jabborova
Gulnoz Tojiboyeva
Qobiljon Shermatov
Dilnavoz Najimova
Sa’dullo Quronov
#Amaliyot
O‘zbekistonda yuzdan ortiq tadbirkor “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi ✅
O‘zbekistonda yuzdan ortiq tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi ❌
🟢 Tadbirkor soʻzini takrorlamaslik ham mumkin:
O‘zbekistonda yuzdan ortiq ishbilarmon “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi ✅
🔄 Mavzuga aloqador:
-lar qoʻshimchasini qoʻllashdagi xatolar
@oriftolib
Halollik yetmagan joyga pul yamoq boʻladi.
Shved xalq maqoli
@oriftolib
Ijodkorlar uchun tanlov
Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti oromgohlar madhiyasini yaratish bo‘yicha “Eng yaxshi shе’r” tanlovini e’lon qilibdi.
Gʻolib boʻlgan sheʼr muallifiga oʻn million soʻm pul mukofoti beriladi.
Sheʼrlar @Oromgohlar_uzb_bot manzilida qabul qilinadi. Ijodiy ishlarni Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzolaridan iborat hakamlar hayʼati koʻrib chiqadi.
Eng yaxshi deb topilgan she’rni taniqli san’atkorlar qo‘shiq qilib ijro etadi.
👉 Tanlov haqida batafsil
@oriftolib
Poldagi pul
Ikki yuzga yaqin kishi yigʻilgan zalda mashhur psixolog mashgʻulot oʻtardi. U 50 dollar pulni koʻrsatib: “Kim buni olishni xohlaydi?” deb soʻradi. Tabiiyki, hamma qoʻlini koʻtardi.
“Buni egasiga berishdan oldin bir ish qilaman”, dedi psixolog, soʻng pulni gʻijimlab-gʻijimlab tashladi. Shundan keyin “Bu pulni olishni istaganlar bormi?” deb yana soʻradi. Yana yigʻilganlarning bari qoʻlini koʻtardi.
“Unday boʻlsa, – dedi psixolog, – boshqacha yoʻl tutamiz”. U pulni polga tashlab, oyoq kiyimi bilan ezgʻiladi. Soʻng ifloslangan pulni tinglovchilarga koʻrsatdi: “Uni shu holatda ham olishni istaganlar bormi?” Bu safar ham qatordan xato boʻlmadi.
“Qadrdli doʻstlar, – deb soʻzida davom etdi psixolog. – Bu tajribada hammamiz uchun katta saboq bor. Men pulni qay ahvolga solmay, hammalaring uni olishni istadilaring. Chunki u oʻz qimmatini yoʻqotmagan edi. U haliyam 50 dollar edi.
Biz hayotda oʻzimizni tez-tez egardan tushgan, nazardan qolgan, oyoq ostida yotgan yo polda ezilgan holatda sezamiz. Bunday vaziyatlarda birovga keragimiz yoʻqday tuyuladi. Biroq nima boʻlganidan va boʻlishidan qatʼi nazar, biz oʻzimizning asl qadr-qimmatimizni yoʻqotmaymiz. Bizni sevganlar uchun hamisha qadrimiz yuksak boʻladi. Shuning uchun yaqinlarimizga, atrofdagilarga tamasiz, samimiy mehr koʻrsataylik, yordamimizni ayamaylik. Bu munosabat oʻzimizga ham albatta qaytadi”.
👉 Ibratli hikoyalardan
@oriftolib
Ter toʻkib ishlagan yozuvchi
Jyul Vern juda koʻp vaqtini ilmiy adabiyotlarni oʻqishga sarflardi. Qiziqarli, eʼtiborli maʼlumotlarni maxsus qaydqogʻozlarga yozib borardi. U tuzgan kartotekaga uncha-muncha olimlar uyushmasi ham havas qilsa arzirdi: kartotekada 20 mingdan ortiq qaydvaraq bor edi.
Uning bu urinishlari behuda ketmadi. Jyul Vern adabiyot tarixida ilmiy fantastika janrining asoschilaridan biri sifatida qoldi. YUNESKO hisob-kitoblariga koʻra, adib asarlari koʻp tilga tarjima qilinish boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi.
Jyul Vern jami 66 ta roman (baʼzilari tugallanmagan), 20 dan ortiq qissa va hikoya, 30 dan ortiq pyesa, bir qancha ilmiy va hujjatli asarlar muallifidir.
@oriftolib
Yuz yil oldin yasalgan soʻzlar
Tilshunos olim Ernst Begmatov 1920–1930-yillarda yasalgan va isteʼmolga kiritilgan neologizmlar – yangi soʻzlarga quyidagilarni ham misol keltiradi:
Ishchi, yozuvchi, yozuvchilik, adabiyotchi, kolxozchi, bosma, bosmaxona, boʻlim, birlashma, ishsizlik, ishtirokchi, yotoqxona, yillik (godovoy), yoʻllanma (putyovka), nazariyachi.
Eʼtibor bering, bu soʻzlar tilimizda paydo boʻlganiga bor-yoʻgʻi yuz yil boʻlgan xolos. Agar bu tushunchalarga oʻsha paytda ot qoʻyilmaganida, hozir oʻrnida ajnabiy bir soʻzni ishlatayotgan boʻlishimiz ham mumkin edi.
@oriftolib
Nima qilish kerak?
Rus tili imlo qoidalari keng qamrovli, yaxshi ishlangan. Oʻzbek tilining kirill va lotin yozuvlaridagi imlosi uchun shu imlo qoidalari asos boʻlgani ham haqiqat. Biroq bu har qanday qoidani koʻchirish kerak, oʻzbekcha imloga ters borib, ruschaga taqlid qilish kerak degani emas.
Yozuvdagi ortiqcha belgilar faqat zarar – joy oladi, oʻquvchini chalgʻitadi. Imloda ham, punktuatsiyada ham shunday. Matn yozishda, uning imlosida bosh maqsad oʻquvchiga yengillik yaratish, unga mazmunni toʻla-toʻkis yetkazish boʻlishi zarur.
Muammo aniq. Xoʻsh, ularni hal etish uchun nimalar qilish kerak?
🟢 Toponimlar imlosi bilan bogʻliq muammoni yechish uchun imlo qoidalari islohini kutib oʻtirish shart emas, uni amaldagi imlo qoidalari bilan ham bemalol hal etish mumkin. Geografik nomlarning keng qamrovli lugʻatini ishlab chiqish kifoya. Lekin bunda mustaqil, oʻzbekcha imloga mos yondashuv kerak. Joy nomlari eski hammom, eski tos qabilida yana ortiqcha chiziqchalar bilan, oʻzbekchaga yoki asliyatga zid shakllarda berilmasligi zarur. Balki, bu ishga Tashqi ishlar vazirligi bosh-qosh boʻlar?
🟢 Imlo masalasida rus, ingliz yoki boshqa tilga asoslanib, oʻzbekcha imloga ters xulosalar, koʻrsatmalar berishni ham toʻxtatish zarur. Chunki yanglish tavsiyalar xatolar davomli boʻlishiga, “qonuniylashish”iga olib keladi. Toʻgʻriday koʻrinadigan, aslida oʻzbek tili imlosiga zid tartib darsliklar, qoʻllanmalar, ensiklopediyalar, kitoblardan yanada mustahkam oʻrin oladi. Oʻquvchilar, talabalar, mutaxassislar, umuman, keng jamoatchilik zehniyatiga qatʼiy yerlashadi.
Masʼullar bu masalaga eʼtibor qaratadi va xatolarni toʻgʻrilashga kirishadi deb umid qilaman.
@oriftolib
Obunachidan savol:
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!
Qaysi joy nomlariga eʼtibor qaratilgan?
Vazirlik 2024-yil 29-fevraldagi xati bilan 17 ta toponim nomiga oʻzgartirish kiritishni tavsiya etgan. Ular ichida toʻgʻri va asosli tuzatishlar ham bor. Masalan, Asunsion, Duqm, Raqqa, Abha, Chimkent, Ashxobod, Ostona shaharlari nomi yozilishidagi tavsiyalarga toʻliq qoʻshilish mumkin. Chunki bu nomlar oʻzbekcha talaffuz, imlo anʼanasiga mos, asliyatga ham toʻgʻri keladi.
Oʻmon davlati nomi esa bir qadar bahsli, chunki bu nom milliy ensiklopediya va boshqa manbalarda Ummon shaklida berilgan. Asliyatda, yaʼni arabchada Oʻmon oʻqiladi degani oʻzbek tilida ham majburan shunday berish kerak degani emas. Til soʻzni oʻziga moslashtiradi, moslashtirmasagina asliyatga tayanish oʻrinli boʻladi. Ummon soʻzi ildizida ummon, yaʼni dengiz maʼnosi yoʻq-ku, deb ham eʼtiroz bildirilishi mumkin. Toʻgʻri, shunday. Lekin bir soʻz boshqa tilga oʻzlashganda shaklini yoki mazmunini oʻzgartirishi mumkin va bu tabiiy. Bu sultonlik uchun oʻzbekchada Ummon toponimi ishlatilayotgan va oʻzbekcha talaffuzga zid emas ekan, uni qabul qilaverish kerak. Oʻzbek tili bilan bir oilaga mansub turk tilida ham bu davlat nomi uchun Ummon varianti ishlatiladi. Mabodo koʻpchilikning yakdilligi bilan Oʻmon varianti olinsa ham muammo emas. Bu shakl boshqa bir til taʼsirida oʻzgarmagan, oʻzbek tiliga begonalashmagan. Ammo birxillikka erishish shart.
Qatar poytaxti nomini Doha shaklida yozish ham bahsli. Milliy ensiklopediya bu soʻzni Doʻha koʻrinishida bergan. Ruscha, inglizcha yoki boshqa bir tildagi shaklga ergashmay, oʻzbekcha talaffuzga mos variantni tanlagan maʼqul, menimcha.
Mongoliyani Moʻgʻuliston shaklida berish haqidagi xulosaga tarixiylik-anʼanaviylik nuqtayi nazaridan qoʻshilish mumkin-u, savolli jihatlar bor-da. Moʻgʻuliston soʻzi tilimida eskidan ishlatilgan. Biroq zamonaviy adabiyotlarda, masalan, milliy ensiklopediyada Moʻgʻuliston va Mongoliya toponimlarining maʼnosi farqlanadi. Moʻgʻuliston 1348-yili Chigʻatoy ulusi parchalanishi natijasida tashkil topgan davlat hamda Chingizxonning ajdod va avlodlari yashagan Markaziy Osiyodagi katta geografik hudud uchun ishlatiladi. Mongoliya esa aholisi asosan moʻgʻullardan iborat, bugun mavjud boʻlgan davlat uchun qoʻllanadi. Agar Moʻgʻuliston atamasi zamonaviy Mongoliya uchun ishlatilishi qatʼiy belgilansa, buni ham qabul qilsa boʻladi. Shu prinsip asosida Gretsiyani ham Yunoniston deb oʻzgartirish mumkin. Lekin yakdillik kerak. Turli manbalarda xilma-xil talqinlar ilgari surilishi chalkashliklarga yoʻl ochadi.
@oriftolib
Chalgʻimaslik uchun
Viktor Hyugo “Parij ibodatxonasi” (“Notre-Dame de Paris”) asarini yozish chogʻida chalgʻimaslik uchun ajoyib usul qoʻllaydi. Soch va soqolining yarmini olib tashlab, qaychini derazadan tashqariga uloqtirib yuboradi. Shu yoʻl bilan oʻzini soch-soqoli oʻsguncha uyda oʻtirishga majbur etadi va romanni moʻljallangan vaqtda yozib tugatadi.
Lekin “Xoʻrlanganlar” romanini qogʻozga tushirish paytida yozuvchi boshqacha usulda ishlaydi. U Bryussel shahrida bir attordan xona ijaraga oladi.
Hyugo ertalab va kechqurun yozar, ish stoli sifatida esa attorning xontaxtasidan foydalanardi. Xoʻjayin yoʻq paytlarda xaridor kelib qolsa, ishini toʻxtatib, savdo-sotiq qilar edi. Qizigʻi, bu holat uni chalgʻitmas, fikrlari oqimini toʻsmasdi.
👉 Mashhurlar hayotidan
@oriftolib
Goʻri Amirmi yoki Goʻri Mir?
Bugun Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazida boʻlib oʻtgan taqdimotda adabiyotshunos olim Rahmon Qoʻchqor Samarqanddagi maqbara nomini Goʻri Amir deb atash urf boʻlgani, aslida Goʻri Mir toʻgʻriligi, bu haqda shoir Xurshid Davron yozganini aytib qoldi. Davradagi tarixchilar buni tasdiqladi, lekin darslik va qoʻllanmalarda maqbara nomi Goʻri Amir shaklida ketgani, toʻgʻri shaklini oʻquvchilar, talabalar, umuman keng jamoatchilik qabul qilmasligi mumkinligini aytishdi. Lekin boshqalar qabul qilmaydi deb xatoda davomli boʻlavermaslik kerak-ku.
Milliy ensiklopediyaga qarasam, unda ham Goʻri Amir shaklida berilgan ekan. “Amir Temur maqbarasi” nomli maqolada xalq maqbarani Goʻri Amir yoki Goʻri Mir deb atab kelishi aytib oʻtilgan.
Xurshid Davronning “Amir Temur pirlari” maqolasidan parcha:
Bugun Amir Temur bilan Mir Sayyid Baraka xoki yotgan maqbarani “Goʻri Amir” deb atash odat boʻlib qolgan. Aslida xalq bu daxmani avvaldan Mir Sayyid Barakaga nisbat berib “Goʻri Mir” deb atagan. Biz esa uni Amir Temurga nisbat beramiz. Holbuki, buyuk Sohibqiron bobomiz hazrati pirini eʼzozlab, ixlos talabi bilan oʻz jasadi ul zot oyogʻi ostiga qoʻyilishini vasiyat qilgan. Shuni eʼtiborda tutib, yoʻl qoʻyilgan xatoni tuzatsak, Sohibqiron bobomiz ruhini yana bir karra shod etib, ul zotning oʻz piriga boʻlgan muhabbatini qadrlagan boʻlamiz.
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari rekordchi boʻldi
Taʼlim nazorati kanali 2024/2025-oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida ball to‘plash bo‘yicha yetakchi 10 ta maktab roʻyxatini e’lon qildi:
1️⃣ Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi – 176,28 ball.
2️⃣ Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi – 161,65 ball.
3️⃣ Temurbeklar maktabi (DXX) (Yunusobod tumani) – 152,29 ball.
4️⃣ Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi – 151,87 ball.
5️⃣ Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi – 151,23 ball.
6️⃣ Qarshi shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktabi – 150,61 ball.
7️⃣ Samarqand shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktabi – 150,44 ball.
8️⃣ Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi – 149,37 ball.
9️⃣ Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi – 148,71 ball.
🔟 Farg‘ona viloyati chet tillariga ixtisoslashtirilgan davlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi – 147,33 ball.
Eʼtiborlisi, yuqori natija koʻrsatgan oʻnta maktabning oltitasi – ijod maktabi.
Oʻzbekchasini tushunmaydigan boʻlib qoldik
Bir matnda donat, premium, marketplace soʻzlarini koʻrib qoldim va oʻzbekchalashtirishni taklif etdim. Lekin oʻz holida qoldirish maʼqul koʻrildi. Sababi – omma inglizchasiga oʻrgandi, oʻzbekchasini tushunmaydi. Soʻzni tushunishi mumkin, lekin gap nimadaligini anglamaydi. Toʻgʻri va ogʻriqli dalil.
Atamalarni oʻzbekchalashtirish ishlari mutlaqo nol holatda boʻlgani sababli tilimizning toʻrini ajnabiy soʻzlar faol egallayapti. Holbuki, ularning aksariyatini oʻzbekchalashtirish mumkin.
Endi chet soʻzlarni ishlatishdagi tartibsizlik yangi bosqichga chiqdi – soʻzlarni oʻzbekcha matn ichida inglizchadagiday yozadigan va buni tabiiy qabul qiladigan boʻlib qoldik. Oʻzbekcha jumlalarda podcast, cashback, hashtag, deadline, call markaz, message, resume, feedback, fake kabi soʻzlarga koʻzingiz tushgandir. Bu allada aziz atamalarni hech boʻlmasa oʻzbekcha imloda bermayapmiz. Oʻzbekchada noutbuk emas, notebook shaklida yozishni normal qabul qilyapmiz.
Yuqorida sanalgan soʻzlarga oʻz vaqtida muqobil topganimizda, koʻpi allaqachon oʻzbekchalashib ketgan boʻlardi. Oʻzbekcha ot qoʻya olmaganimizni esa oʻz imlomizga moslab lugʻatlarga, keng isteʼmolga kiritish kerak edi.
Bilaman, koʻpincha bunday fikr va takliflar shamolga aytilgan gapga oʻxshaydi – foydasi yoʻq. Ammo karnaychidan bir puf, balki, kutilmaganda foydasi boʻlib qolar.
@oriftolib
“Bilaman va shubha qilmayman”
Bir odam xotini oʻttiz yoshdaligini mashhur faylasuf Sitseronga zoʻr berib uqtira boshlaydi.
– Bilaman va aslo shubha qilmayman, – deb javob beradi Sitseron. – Axir bu gapni yigirma yildan beri qaytarib kelyapsan-ku!
@oriftolib
Qishloqlar va koʻchalar nomi qoʻshtirnoqqa olinmaydi
Savol:
Mahallalar, koʻchalar, qishloqlar nomi gap orasida kelganda qaysi hollarda qoʻshtirnoq qoʻyiladi? Qaysi manbaga asosan?
Javob:
Imlo qoidalariga asosan, joy nomlari bosh harfda yoziladi va qoʻshtirnoqqa olinmaydi. Qishloqlar, koʻchalar nomi ham shular jumlasidan.
Mahalla nomi hududni bildirganda qoʻshtirnoqsiz yoziladi, oʻzini oʻzi boshqarish organi maʼnosida boʻlsa, xuddi tashkilotlarning atab qoʻyilgan nomi kabi qoʻshtirnoqqa olinadi: Boyqozon mahallasi, “Boyqozon” MFY. Baʼzida MFY nomi bilan unga qarashli hudud ifodalanadi. Bunda ham qoʻshtirnoq saqlanadi: “Boyqozon” MFYda joylashgan korxona.
🔄 Mavzuga aloqador:
🔹 MFY va QFYlar nomi qanday yozilishi kerak?
🔹 Koʻcha nomlari va uy raqamlari qanday yoziladi?
🔹 Joy nomlari imlosi
@oriftolib
Sherning yoliga burga joylashib olgan. Shunday mitti, ojiz maxluqdan azob chekayotgan sher oʻzini xoʻrlanganday sezishi mumkin, burga esa: “Menda sherning qoni oqyapti!” deb maqtanishi hech gap emas...
Viktor Hyugo
@oriftolib
“Doktor”ning oʻzbekchasi bormi?
Doktor soʻzining gʻirt oʻzbekcha varianti bor – emchi. Afsuski, tilimizda ming yildan beri yashab kelgan bu soʻz hozir foydalanishdan deyarli chiqib ketdi. U oldin faol qoʻllanganini “Ogʻriq koʻpaysa, emchi koʻpayar”, “Ogʻriqning tuzalgisi kelsa, emchi oʻz oyogʻi bilan kelar” kabi maqollardan ham bilsa boʻladi. Bugun em oʻzagidan yasalgan emdori, emlama kabi soʻzlarni ham ishlatmaymiz hisob.
Izohli lugʻat emchi soʻzini emlovchi tabib, vrach, hamshira deya izohlagan. Hech qursa, hamshira oʻrnida shu soʻzdan foydalanish mumkin. Hamshira forschadan oʻzlashgan, asliyatda birga sut emishgan degani, opa yoki singilni anglatadi. Biz bu soʻzni shifoxonada ishlovchi, oʻrta tibbiyot maʼlumotiga ega boʻlgan xodimni ifodalash uchun ishlatamiz. Lekin uni erkak kishiga nisbatan qoʻllab boʻlmaydi. Ilojsiz hamshir degan soʻz yasaladi. Tagini surishtirsangiz, oʻzbekchada bunday soʻz yoʻq. Hatto asliyatda – forschada ham davolovchi maʼnosida bunday soʻz ishlatilmaydi. Menimcha, ruscha medbrat oʻrnida emchi soʻzini bemalol qoʻllash mumkin.
Oʻzbekchada doktor soʻzi oʻrnida qadimda hakim, tabib atamalari ishlatilgan. Qiziq tomoni, arabcha hakimning kechmishi doktorga oʻxshash, u ham asliyatda bilimli kishi, tabib, faylasuf kabi maʼnolarga ega. Odatda oʻtkir tabiblar hakim deb atalgan. Podshohlarni davolovchi mutaxassislar ham hakimlar boʻlgan.
Tabib soʻzi eski tilimizda shifokorni anglatgan, ammo hozir tibbiy oʻquv yurtida oʻqimagan, bemorlarni anʼanalar va hayotiy tajriba yordamida davolovchi kishiga nisbatan qoʻllanadi. “Devonu lugʻatit turk”da tabibning oʻzbekcha variantlari bor – oʻtachi, atasagʻun.
Vrach esa ruschadan oʻzlashgan. Uning tarixi ancha qiziq. Mutaxassislar bu soʻzni врать – gapirmoq, aldamoq, avramoq feʼliga bogʻlaydi. Qadimda bu soʻzda hozirgiday salbiy maʼno boʻyogʻi boʻlmagan. Vrach kuf-suflar, afsunlar bilan kasallikni haydovchi, avroqchi maʼnosini ifodalagan. Keyinchalik uning mazmuni oʻzgargan va oliy maʼlumotli tibbiyot xodimini anglata boshlagan. Oʻzbek tiliga shu mazmuni bilan oʻtgan.
Arabcha va forscha soʻzlar qorishmasidan hosil boʻlgan shifokor esa nisbatan yangi oʻzlashmalardan, u hozirgi tilimizda umuman davolovchi maʼnosida ham, doktor va vrach maʼnosida ham ishlatiladi.
@oriftolib
Youtubeʼda yangi loyiha: “Vatandosh” intellektual klubi
Oxirgi paytda oʻzbekcha video materiallar koʻpaydi. Ayniqsa podkastlar avj oldi. Podkastlarning asli audio boʻlsa-da, video koʻrinishi rivojlanib ketdi. Suhbat va intervyular internetga podkast nomi bilan qoʻyila boshladi.
“Vatandosh” intellektual klubi podkast emas. Formati tok shoularni eslatib yuboradi. Birinchi soni mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi masalasiga bagʻishlanibdi. Oʻzbekiston bundan nima yutadi, nima yutqazadi? Mutaxassislar masalani taqdimotlar bilan tushuntirib bergan. Turli qarashlar ilgari surilgan. Monopollar masalasi ham koʻtarilgan.
Koʻrsatuvni mana bu manzilda toʻliq koʻrishingiz mumkin:
👉 youtu.be/smh01z4M9c8
@oriftolib
Har qanday odam istagan narsasini oʻrgana oladi. Lekin oʻrganishni istamagan odamga hech kim hech narsa oʻrgatolmaydi.
Henri Ford
@oriftolib
Fan doktori va doktorant: farqi nimada?
Bu soʻzlarning farqi juda oddiy: falsafa doktori yoki fan doktori – dissertatsiya yoqlab, ilmiy unvonga ega boʻlgan tadqiqotchi. Tayanch doktorant yoki doktorant esa doktorlik dissertatsiyasini yozish uchun biror ilmiy muassasada tadqiqot olib borayotgan mutaxassisdir.
Bu xuddi magistr va magistrantning farqiga oʻxshaydi: magistrant – hali taʼlim olayotgan, dissertatsiya yoqlamagan talaba. U dissertatsiyasini yoqlab boʻlgach, magistrga aylanadi.
Diplomant – oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurtini bitirish diplomi ustida ishlayotgan talaba. Bu soʻzni magistrant yoki doktorantlarga nisbatan ishlatib boʻlmaydi, chunki ular diplom ishi yozmaydi, dissertatsiya yozadi va uni yoqlaydi.
@oriftolib
“Doktor” va “dotsent” qarindoshmi?
Doktor soʻzining ildizi lotinchaga borib taqalishini aytdik. Lotincha doceō – oʻqitaman, oʻrgataman soʻzi docere feʼlidan, u esa qadimgi (proto) hind-yevropa tilidagi dek – olmoq, qabul qilmoq oʻzagidan oʻsib chiqqan. Bu oʻzakdan hosil boʻlgan soʻzlar oʻzbek tilida ham anchagina.
Dotsent, doktrina, dokument, dogma kabi iboralar doktor soʻzining yaqin qarindoshlaridir. Dotsent ham doktor kabi docere feʼlidan yasalgan. Lotincha docens (docentis) oʻqituvchi, taʼlim beruvchi demakdir.
Doktrina lotincha doctrina soʻzidan, u esa lotincha doctor – oʻqituvchi, ustoz soʻzidan hosil boʻlgan. Doktor esa docere feʼlidan yasalganini bilamiz. Doktrina oʻzbekchada ilmiy yoki falsafiy taʼlimotni, asosiy nazariy yoki siyosiy nuqtayi nazarni ifodalaydi.
Qadimgi hind-yevropa tilidagi dek oʻzagidan hosil boʻlgan dekan, dekada, dekabr, daha, detsimetr, detsibel, dekorativ, paradoks, sinekdoxa kabi atamalar esa doktor soʻzining uzoq qarindoshlaridir.
@oriftolib
Nega faylasuf boʻlmaganlar ham falsafa doktori boʻladi?
Falsafa doktori Yevropaning koʻpchilik davlatlari, AQSH va boshqa mamlakatlarda beriladigan ilmiy darajadir. Oʻzbekistonda ham oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimning ikki pogʻonali tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Dissertatsiya yoqlagan tadqiqotchilar falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega boʻladi.
Xoʻsh, nega fanning boshqa yoʻnalishlarida, deylik, matematika, fizika, geografiya yoki pedagogika boʻyicha ilmiy ish qilgan kishilar ham falsafa doktori boʻladi? Ular falsafa bilan shugʻullanmaydi yoki ilmiy ishida falsafiy qarashlarni bayon etmaydi-ku?
Hammasi tarixga borib taqaladi. Oʻrta asr Yevropa universitetlarida uch xil yoʻnalishda – ilohiyot, huquq va tibbiyot boʻyicha taʼlim berilgan, ilmiy faoliyat olib borilgan. Vaqtlar oʻtishi bilan ilohiyot boʻyicha doktorlik darajasini olish kamaygan, huquq va tibbiyot yoʻnalishidagi ilmiy izlanishlar koʻpaygan. Bu sohalar tarixan falsafa deb atalgan. Ana shu holat falsafa doktori atamasida oʻz izlarini qoldirgan.
Dastlab universitetlar falsafa doktori darajasini ilmiy sohada muntazam va samarali faoliyat yuritib, tengdoshlarining eʼtiborini qozongan kishilarga bergan. Odatda bunday darajaga oʻrta yoshli kishilar erishgan.
@oriftolib
Madhiya imlosidagi xatolar tuzatilmaydimi?
Biror soʻz yo tinish belgisining xatosiga koʻzimiz oʻrganib qolsa, oʻshani toʻgʻri deymiz. Ayniqsa u biror hujjat yo kitobda aks etgan boʻlsa bormi, tamom – eng toʻgʻrisi oʻsha, boshqacha boʻlishi mumkin emas degan xulosaga kelamiz. Bunday holat muharrir-u musahhihlar, filolog-u tilchilar orasida ham kuzatiladi.
Madhiyamiz imlosidagi baʼzi xatolar haqida ham shu fikrni aytish mumkin. bu holatda endi “Qonunda shunaqa turibdi...” degan “mushakdor” sabab-bahona ham bor. Vaholanki, qonunlar imlosi va punktuatsiyasi toʻgʻri yozishga asos emas, ularda ham imlo xatolari boʻladi, inson omili degan narsa bor. Vaqt oʻtishi bilan baʼzi soʻzlarning imlosi oʻzgarishi mumkin.
Xoʻsh, madhiyamizda qaysi soʻz imlosi toʻgʻrilanishi kerak?
Yashnagay to abad ilm-u fan, ijod.
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!
Imlo qoidalarini bilish toʻgʻri yozishning kaliti. Xatolarsiz yoza oladigan odam bugun bir necha xil kasbni egallashi mumkin. Jurnalistika sohasining koʻplab yoʻnalishlari, yozma tarjimonlik kabilar shular jumlasidan.
Xatosiz yozish koʻnikmasiga egasiz, ammo yuqoridagi kasblar siz uchun emasdek tuyulayotgan boʻlsa, eʼtibor qaratishingiz mumkin boʻlgan yana bir kasb bor: kopirayting.
Kopirayting — marketingga doir matnlar yozish yoʻnalishi. Bu ish bilan shugʻullanuvshi shaxs esa kopirayter deyiladi.
Kasbga doir toʻliqroq maʼlumotlarni bilish, marketingga doir matnlarni yozishning turli usullarini oʻrganish yoki kopirayting bilan shugʻullanish istagingiz boʻlsa, "Nasr" maktabi kanalini kuzatib borishni tavsiya qilaman.
📌 Ushbu kanal matnlar bilan ishlash yoʻnalishida 17 yillik tajribaga ega boʻlgan Gavhar Nasrullohning mualliflik kanali.
Kanalga obuna boʻling va oʻzingiz uchun foydali maʼlumotlarga ega boʻling: @kopirayting_maktabi
Bir nechta yomon kitoblarni yozmay turib, yaxshisini yoza olmaysiz.
Bernard Shou
@oriftolib
Tashqi ishlar vazirligi imloga masʼulmi?
Kasbim taqozosi bilan “Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining vazirlik va idoralarga imlo masalasida yoʻllagan murojaatlariga javoblar bilan tanishdim. Bu xatlarda “Dunyoning siyosiy xaritasi” va atlaslarda xorijiy mamlakatlar nomlarini amaldagi lotin imlosiga koʻra toʻgʻri yozish masalasi koʻtarilgan.
“Kartografiya” DIICHKga koʻra, “Dunyoning siyosiy xaritasi” har yili Tashqi ishlar vazirligiga dunyoning siyosiy tuzilishida yuz berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar, davlatlar poytaxtlarining oʻrni yoki nomlari oʻzgarishlarini tekshirib berish uchun yuboriladi. Vazirlik esa baʼzi mamlakatlar va shaharlar nomlarining yozilishidagi xatoliklarni aniqlanib, koʻrsatadi. Bu tartib, albatta, yaxshi. Chunki mamlakatlar, turli shahar va hududlarning chegaralari, nomlari oʻzgarib turadi. Aniqlik kerak. Biroq bir eʼtiborli nuqta bor: nomlarning yozilishidagi xatolar bilan nega Tashqi ishlar vazirligi shugʻullanishi kerak? Vazirlik imlo boʻyicha vakolatli tashkilotmi?
Toʻgʻri, joy nomlari imlosi masalasida katta boʻshliq bor. Oʻzbek tilining amaldagi imlo qoidalari va tabiatiga mos geografik nomlar lugʻati haligacha ishlab chiqilmagan. Bu borada masʼuliyatni yelkaga oladigan va amaliy qadam tashlaydigan tashkilot ham hozircha yoʻq. Agar ana shu masʼuliyatga Tashqi ishlar vazirligi ega chiqqan boʻlsa, joy nomlari boʻyicha tavsiya berishda geograflar, toponimchilar, tilshunoslar, lugʻat yaratuvchilar, muharrirlar – umuman shu sohaga aloqador mutaxassislardan xulosa va takliflar oldimi? Menimcha, bu savolga tasdiq maʼnosida javob berib boʻlmaydi. Chunki vazirlik taklif etgan tuzatishlarning baʼzilari oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalariga zid.
@oriftolib
Nima taklif bor?
Yuqorida sanalgan uchta atamani qanday oʻzbekchalashtirish mumkin? Mening variantlarim:
Donat – moddiy koʻmak. Bitta soʻz bilan ifodalaymiz desak, koʻmak, sovgʻa, armugʻon, xayriya, qoʻllov kabi soʻzlar ham bor.
Premium – pulli.
Marketplace – bozor, rasta, savdo maydoni.
Mabodo oʻzbekcha muqobil tilga singmasa, atamalarni imloga moslab yozish kerak: donat, premium, marketpleys.
@oriftolib
Imlo boʻyicha koʻrsatma berayotganlar diqqatiga: oʻzbekchaga tayaning
Ayrim imlo xatolari ensiklopediyalar, kitoblar, darslik va qoʻllanmalarga kirib boradi. Ularning xato ekanini koʻpincha sezmaymiz ham. Bunga baʼzan eʼtiborsizlik, baʼzan yanglish talqinlar sabab boʻladi. “Daryo” nashridagi maqolamda geografik nomlar imlosidagi shunday yanglish talqinlardan biriga eʼtibor qaratdim.
Tashqi ishlar vazirligi va OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Shri Lanka nomini Shri-Lanka, Tel Aviv nomini Tel-Aviv, Ulan Bator nomini Ulan-Bator, Nyu Dehli nomini Nyu-Dehli, Sankt Peterburg nomini Sankt-Peterburg shaklida yozishni tavsiya etgan. Garchi koʻzimiz oʻrgangan, toʻgʻriday koʻrinayotgan boʻlsa-da, chiziqcha bilan yozish amaldagi imlo qoidalariga zid.
Toʻliq oʻqish:
👉 daryo.uz/9zxCXc7a
@oriftolib