20123
Podkast: https://www.youtube.com/c/Uzbekonomics Substack: https://botir.substack.com/ Kolonka: https://www.gazeta.uz/ru/authors/bkobilov/ Aloqa: @econ_feedback_bot
Dunyoning eng tez o'sayotgan shaharlari Afrikada. Yiliga ikkita Londonga to'g'ri keladigan miqyosda shaharlar o'sayotgan ekan.
Bundan oldin ham bo'lishgan edim, kutilmalarga ko'ra 2050 yilga kelib dunyoda tug'ilishlarning deyarli yarimi Afrikaga to'g'ri kelar ekan.
@uzbekonomics
Tobora respublikachilar, amaldagi hokimiyat partiyasi AQShda yaqinda bo'ladigan oraliq saylovlarda Kongressni/Senatni berib qo'yadiganga o'xshaydi.
Asossiz urushlar/tariflar natijasida narx-navo oshib ketganini parda bilan yopib bo'lmaydi.
Demak, boshqa fon kerak. Eronga urush yana jadallasharmikan? Qayerdadir qandaydir notinchlik o'rinli tasodif bo'lib qoladigandek.
@uzbekonomics
Nega?
https://www.gazeta.uz/oz/2026/10/14/uzpost-wildberries/
@uzbekonomics
Iqtisod bo'yicha Nobel mukofotini Hall bilan Woodford olibdi.
Tinchlik bo'yicha Nobel mukofotini esa Nobel qo'mitaning o'ziga berish kerak ekan. Mikro bilan makroiqtisodiyotchilarni ikkalasini bittada xursand qilishgani uchun: for microeconomic foundations of macroeconomic stabilisation
@uzbekonomics
Kecha "Rossiyaning neftini himoya qilish" bu amerikaning manfaatlari deyishgandi.
Ertaga endi Rossiyaning data markazlarini Ukrainadan himoya qilish amerikaning manfaati deb chiqishsa hech gap emas.
Ungacha esa amerikaliklar "internetimiz botlardan tozalanib qolganiga shukr" deyishmoqda:
https://x.com/McFaul/status/2109400237580419362
@uzbekonomics
Aytgan edimku... Yarim kun ham o'tmadi. AQSh xullas bu urushda yovuzlik tarafda.
https://apnews.com/article/russia-ukraine-war-trump-putin-diesel-228ccf74b2848c1ff0ac23f038b37512
Ukrainadan ko'ra AQShga yangisi ko'proq kerak.
@uzbekonomics
O'zbekistonni dunyoga emas, O'zbekistonni avvalo o'zimizga ko'rsatish muhimroq deb hisoblayman. Barcha imkoniyatlarini ham, masalalarini ham. Buning uchun MrBeastdan ham foydalansa bo'ladi - bilmagan holda.
Shartli Oklahomada va Nebraskada yashaydigan MrBeastning obunachisi O'zbekiston haqida bilib olib birrovga O'zbekistonga kelib-ketganidan ko'ra, Toshkentda o'tirganlar yoki qaror qabul qiluvchilar MrBeast orqali O'zbekistondagi ba'zi masalalar haqida bilib olishi menimcha ancha muhimroq va ahamiyatliroq.
Masalan, MrBeast Toshkentda svetofori yo'q trassalardan o'tib ko'rsin piyoda sifatida (good luck, my friend). Bir-ikki hafta yashab ko'rsin, IMEI bilan to'qnashib ko'rsin. Masalan deymanda.
Ya'ni, MrBeast yoki O'zbekistonga kelgan istalgan katta inflyuenserning o'zbekistonliklar uchun ham foydasini ovolaylik demoqchiman.
@uzbekonomics
Yana bir muhim jihat bu iqtisodiy ixtisoslashuv. Har bir viloyatda barcha xizmatlar, mutaxassislar va ishlab chiqarish tarmoqlari birdek rivojlanishi deyarli imkonsiz. Masalan, bir shahardagi muhandislik kompaniyasi boshqa viloyatlardagi korxonalarga ham xizmat ko'rsata olishi, Toshkentdagi professor Samarqand yoki Qarshiga borib bir kunlik seminar o'tkazib qaytishi, viloyatdagi tadbirkor esa boshqa shahardagi mutaxassis bilan muntazam ishlashi mumkin. Buning uchun shaharlar bir-biriga iqtisodiy jihatdan yaqin bo'lishi kerak. Aks holda har bir hudud o'z ichki imkoniyatlari bilan cheklanib qoladi. Bu esa mehnat taqsimoti va unumdorlik o'sishini cheklaydi.
Aytmoqchimanki, O'zbekiston iqtisodiyoti chinakam yaxlit bozorga aylanishi kerak. Shartli Nukusdagi, Termizdagi yoki Urganchdagi tadbirkorning iqtisodiy imkoniyatlari faqat geografik joylashuvi sababli cheklanib qolmasligi kerak. Albatta, har bir yo'nalishga samolyot uchirish yoki davlat hisobidan zarariga qatnovlarni ko'paytirish kerak demoqchi emasman. Talab, xarajat va iqtisodiy foydani hisoblash zarur. Lekin raqobatga yo‘l ochish, yangi tashuvchilarning bozorga kirishini yengillashtirish, aeroportlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, temiryo'l va aviaqatnovlarda qulayroq jadvallar yaratish kerak. Masalan, Havo yo'llarida sifat va narxni yaxshilashning yagona yo'li uning bozorida raqobatga imkon berishdir. Ko'proq lowcost tashuvchilar bo'lsa, ko'proq aviakompaniyalar O'zbekistonga ucha olsa, bozorda raqobat paydo bo'lsa shunda mavjud korxonalarda ham rivojlanishga rag'bat bo'ladi.
Transportdagi tezlik bilan birga qatnovlar soni, qulay jadval, narx va ishonchlilik ham juda muhim. Ikki shahar orasida poyezd yoki samolyot borligining o'zi yetmaydi. Haftasiga ikki marta uchadigan samolyot bilan kuniga bir necha marta uchadigan samolyotning iqtisodiy ahamiyati bir xil emas. Transportni shunchaki odamlarni bir joydan ikkinchi joyga olib boradigan xizmat deb emas, yangi iqtisodiy faoliyat, savdo, investitsiya, raqobat va imkoniyatlar yaratadigan infratuzilma deb ko'rishimiz kerak. O'zbekistonning geografik masofalarini qisqartira olmasmiz lekin shaharlarimiz orasidagi iqtisodiy masofani keskin qisqartirishimiz mumkin.
@uzbekonomics
Vdud'ning yangi intervyusi chiqibdi.
Wall Street Journalning amerikalik jurnalisti, Evan Gershkovich bilan. Esingizda bo'lsa, Evanni Rossiya josuslikda ayblab 16 yilga qamab qo'ygandi. Bir yildan keyin chiqqandi.
Oxirgacha ko'rmadim, lekin intervyu Bruklinda sur'atga olinayotganini bilib Toshkent Supermarketidan lavha bo'lishini bashorat qilgandim. To'g'ri topibman. Toshkent Supermarketiga grechka va plombirni qidirib kirishgan bo'lsa ham, o'zimizning palov, sariq sabzi va yopgan non haqida ham suhbatlashishibdi.
https://youtu.be/FBdWhpmRAPk?si=WDrAp11YOEsMIW7E&t=2727
@uzbekonomics
PhD Economics and industry
Masalan, Amazon yiliga o'rtacha 22ta iqtisodiyot yo'nalishida PhD qilgan bitiruvchilarni ishga olar ekan.
Metodologiyasini aniq bilmadim, lekin ro'yxatda investment banklar ko'proq bo'ladi deb kutgandim.
@uzbekonomics
eslatma
bolalarni bog'chada ham xavfsiz qila olmaganimiz qo'rqinchli.
Qiziq rasm ekan. Prezident Tramp Si Szinpin tashrifi munosabati bilan tashkil qilgan ziyofatdan.
Stol atrofida Janubiy Afrika Respublikasidan kelgan bitta va Taivandan kelgan ikkita immigrant tadbirkorlar o'tiribdi. AQSh delegatsiyasi tomondan. Qizig'i, Jensen (Nvidia) va Lisa (AMD) qarindosh.
Va albatta, stol atrofida sloveniyalik immigrant ham bor.
Alabamalik Tim Kuk Appledan ketgan bo'lsa ham ziyofatga chaqirilibdi. Balki, Oq uydagilarning bundan xabari bo'lmasa kerak.
AQShda rasizm yo'q emas, ba'zi (GOPdagi) oq-tanli amerikaliklar o'zlarini boshqa immigrant-amerikaliklardan ustun deb hisoblashadi, ish o'rinlarimizni olib qo'yishyapti, nonimizni yarimta qilishyapti deb gapirishadi, shu kungacha. Masalan, vitse prezident ham shunday gapiradi, turmush o'rtog'i hindistonlik bo'lsa ham. Bu rasm ham bir eslatma bo'libdi - Amerika immigrantlar mamlakati. Ayniqsa Kremniy vodiysiga talaba, ishchi, oilasi orqali kelgan, texnologiya sektoridagi immigrantlarsiz Amerika hozirgi Amerika bo'lmas edi.
@uzbekonomics
Bu narsa qanchalik etikaga va qonunga to'g'ri keladi?
https://www.gazeta.uz/ru/2026/09/17/si-davomat/
Menimcha, shaxsga doir ma'lumotlar haqidagi qonunda ham yozib qo'yilgan - voyaga yetmagan shaxslarning ma'lumotlariga ishlov berish uchun ota-onadan rozilik olish kerak. Har bittasidan.
Undan tashqari, voyaga yetmaganlarning yuzini sun'iy intellekt orqali yig'ish, qayta ishlash va saqlash va eng muhimi ularning tibbiy ma'lumotlari bazasiga ulab qo'yish katta riskli ish emasmi? Xavfli emasmi? Sizib chiqib ketsa shu bolalarning hayotiga xatar emasmi? Tibbiy ma'lumotlarning daxlsizligi kabi narsa ham bor. Uni davomatga ulash menimcha noto'g'ri. Inson va doktor orasidagi ma'lumotlariga uchinchi shaxslarning egalik qilishi ham etikaga ham qonunga ham to'g'ri kelmasligi kerak. Ayniqsa yoshlarning.
Raqamlashtirish yaxshi, lekin bunisi menimcha ortiqcha. Texnologiyani maktablarni zamonaviylashtirishga, darsxona sharoitlarini yaxshilashga ishlatish maqsadga muvofiq. Davomatni qilishning boshqa yo'llari ham bor bo'lishi kerak, bolalarning yuzini AI-kameralar bilan kuzatib, ishlov berib, dashboardlarda chiqarib qo'ymasdan.
Podkastimizning oxirgi epizodida gaplashgan mavzuga tayyor yangi misol-keys ekan.
@uzbekonomics
Fedrezerv stavkani ko'taribdi, kutilganidek. 2023 yildan beri birinchi marotaba. Hatto Tramp tayinlagan va foizlarni tushirish kerakligini har kuni eshitadigan Kevin Warsh ham vaziyatni (inflyatsiyani) inkor eta olmadi.
@uzbekonomics
AQShda mutlaqo hamma narsaning narxi oshgan. Benzindan tortib ipotekagacha. Asosiy sabab albatta Eron bilan urush avantyurasi. Ikkinchi sababi tariflar. Uchinchi sababi immigratsiya siyosati.
Menimcha, fevral oyidan beri davom etadigan Eron bilan urush AQSh tashqi siyosat tarixida eng katta xatolardan biri.
Fevraldan beri davom etadigan urushga AQSh 40 milliard xarajat qilib bo'lgan, raketalar zaxirasining uchdan ikki qismini tugatib bo'lgan, va mavjud bo'lmagan muammoni - yopiq Xormuzni yaratgan va natijada neft va barcha tovarlarga narx oshib ketishiga sababchi bo'lgan. Eng qizig'i, urushdan hech qanday natija ham olinmagan, olinishi kutilmaydi ham.
Aql bovar qilmaydigan darajada rookie mistake. Havaskorlar ligasida ham bunday xato qilishmaydi.
Asossiz va noqonuniy e'lon qilingan tariflarning asorati haligacha bilinadi. Federal byudjetdan Amazonga, boshqa riteylerlarga AQSh hukumati import tariflari orqali noqonuniy yig'ib olingan boj pullarini qaytarib beryapti. Chunki sud aytdi. Bu ishlaring noqonuniy edi deb. Lekin, iste'molchiga albatta qaytib kelmaydi u pullar. Narxlar va inflyatsiya sticky, ular birdaniga tushib qolmaydi.
@uzbekonomics
Financial Timesda Afrika haqida juda qiziq maqola chiqibdi. Unda qit'adagi shiddat bilan o'sayotgan urbanizatsiya haqida gap boradi.
Urbanizatsiya o'sishning muhim omili.
https://www.ft.com/content/5203e527-ebdd-45d2-9019-6c440b4c4e93?syn-25a6b1a6=1
@uzbekonomics
O'zbekiston pochtasini modernizatsiya qilish, xususiy kapital va tajribani jalb etish zarurligiga shubha yo'q.
Lekin, bu chet ellik xususiy korxona o'zi logistika va elektron savdo bozorining ishtirokchisi. Endi u boshqa kompaniyalarga ham xizmat ko'rsatadigan milliy pochta operatorining boshqaruvida bo'lar ekan. Iqtisodchi sifatida hayolga birinchi bo'lib manfaatlar to'qnashuvichi degan savol keladi. Bunday vaziyatda kompaniyaning barcha mijozlariga teng munosabatda bo'linishi, tijoriy qarorlar qanday xolis qabul qilishi o'rinli savol.
Muhimi, istalgan mamlakatning milliy pochta tizimi oddiy tijorat korxonasi emas. U mamlakatning strategik infratuzilmasi, millionlab fuqarolar va korxonalarning ma'lumotlari bilan ishlaydi. Ayniqsa hozirgi, aynan shu kunlardagi geosiyosiy vaziyatda sanksiya xatarlari, texnologik qaramlik va ma'lumotlar xavfsizligi masalalarini e'tiborsiz qoldirib bo'lmaydi. Bu xatarlar baholanishi muhim. Ishonchli boshqaruv evaziga olinadigan narsalarni bu xatarlarsiz ham boshqalardan olish mumkin edi deb o'ylayman.
Korporativ boshqaruvda, mulk kimga tegishli ekanidan tashqari, uning nomidan kim qaror qabul qilishi, kimning manfaatini ko'zlashi va kimga hisob berishi ham birdek ahamiyatli.
@uzbekonomics
Kanalimda kiberxavfsizlik haqida alohida rubrika ham ochsam bo'lar ekan. Texnologiyalar rivojlangani sari xavfsizlik deganda nimani tushunishimiz kerakligi ham o'zgarib bormoqda ekan.
1. Bugun OpenAI muhandisi kompaniya rahbarlari majlis o'tkazadigan xonadagi televizor ortiga yashirin ovoz yozish qurilmasini o'rnatganlikda ayblanib, hibsga olingani haqida xabar chiqdi.
Bu xonada yangi AI modellari, hali ommaga e'lon qilinmagan mahsulotlar, tadqiqotlar va kompaniyaning strategik rejalari muhokama qilinar ekan. Ayblovga ko'ra, xodim shu suhbatlarni yashirincha yozib olishga uringan.
Qizig'i, qurilmani aniqlash va tekshirishda OpenAI o'zining AI modellaridan foydalangan ekan, ya'ni sun'iy intellekt ishlab chiqaradigan kompaniyaga josuslik qilishga urinishni ham sun'iy intellekt yordamida fosh qilishgan. Lekin undan ham qizig'i, hibsga olingan ishchi qanday qilib bu uskunani qayerga o'rtanishni ham ChatGPTdan so'rab keyin qilgan ekan. Hozir OpenAI ofisida har bir ishchini potensial josus sifatida ko'rishayotgan bo'lsa kerak-a?
2. Kuni kecha Fransiyada yuzlab supermarketlarning internetga ulangan sovutish tizimlari xakerlar hujumiga uchragandi. Xakerlar muzlatkichlarning haroratini 80°C gacha ko'tarishgan. Natijada tonnalab oziq-ovqat yaroqsiz holga kelgan, ayrim do'konlarda hatto yong‘'nlar ham bo'lgan. Hujumga sovutish uskunalarini boshqaradigan dasturiy ta'minotdagi xavfsizlik zaifliklari imkon beribdi.
Xullas, biri televizor ortiga diktofon yashiradi, boshqasi internet orqali muzlatkichlarni isitadi.
@uzbekonomics
Hozirgi zamonda iqtisodiyot tuzilishi o'zgargan. Faqat neft/gazni quvurlardan haydash orqali emas, balki ma'lumotlarni uzatish, qayta ishlash, saqlash butun boshli mamlakatlar iqtisodiyoti va insonlari kundalik hayotinining ajralmas qismiga aylanib qolgan. Qaysi mamlakatda istiqomat qilishingizdan qat'iy nazar buni o'z tanangizda his qilib turgan bo'lsangiz kerak.
AQShning ham oxirigi yillardagi iqtisodiy o'sishiga aynan AIga bo'lgan ulkan kapital sarmoyalar yordam bermoqda.
Hozirda butun dunyoda AI/data markaz infratuzilmasini qurishga poyga ketmoqda. Xotira chiplari, yarimo'tkazgichlarga, va umuman data markaz infratuzilmasiga kerak bo'lgan barcha tovarlarga talab keskin oshib ketgan, taklif esa chegaralangan. Natijada data markazni qurish juda qimmat, va qurish juda uzoq davom etadigan sarmoyadir.
Aynan shunday chip, texnologiyalarga bo'lgan buyurtmalar yillar oldinga qilib qo'yiladi. Bozorda katta hyperscaler korxonalar shu uskunalarga raqobatlashayotgan bir paytda Rossiyada data markazlarni qayta qurish, tez tiklash deyarli imkonsizdek tuyilmoqda. Pul ham yordam bermaydi. "Chip kerakmi? Unda marhamat, navbatning oxiri anavi yerda" deb ko'rsatishadi bozorda. Agar bozorga kira olsa ham.
@uzbekonomics
Aytishlaricha, Ukraina oxirgi kunlarda Rossiyadagi ba'zi data markazlarga xujum qilib ularni ishdan chiqarishi ortidan Rossiya territoriyasidan chiqadigan botlar traffigi keskin qisqaribdi - yarmi qisqaribdi deyishmoqda. Ya'ni, ijtimoiy tarmoqlarda ham sezilmoqda ekan. Nafaqat AQSh, balki Germaniyadagi AfD atrofida traffik ham keskin qisqarib ketibdi (bu ma'lumotlarga keyinroq aniqlik kiritishar balki).
Eng qizig'i bu AQShda o'ta muhim hisoblanadigan oraliq saylovlaridan oldin bo'lmoqda. Ma'lumki Rossiyaning AQShdagi saylovlarga ta'siri trollar fabrikasidagi botlar orqali, dezinformatsiya va propaganda edi (bu 10+ yillik mavzu).
Neftni qayta ishlab chiqarish zavodlarga bo'lgan xujumlar o'z yo'liga, lekin endi Ukrainani AQSh ichki saylovlariga aralashishda ham ayblashga urunishmasa bo'ldi. Lekin, urina olishmaydi - chunki Ukrainani bunda ayblash de-fakto Rossiya territoriyasidan AQSh saylovlariga qaratilgan bot/dezinformatsiya kampaniyasi borligini tan olishdir.
Esingizda bo'lsa, Oq uyda Ukraina rahbariga qarata sizlarning qo'lingizda hech qanday karta yo'q deb, ustidagi kiyimini kalaka qilishgandi. Ukrainada kartalar bor ekan.
@uzbekonomics
AQShda shu kunlarda juda g'alati ishlar bo'lyapti.
Birinchidan, AQShda o'lim jazosiga hukm qilingan shaxsning oxirgi marta omma oldida qatl etilishi 100 yil oldin amalga oshirilgan ekan. Shu yuz yil o'tib birinchisini qilishga kecha buyruq berishibdi. Eng muhimi, bir guruh qurollanganlar tomonidan otib o'ldirilish (firing squad) lavhasini jonli, online efirga berishmoqchi ekan. Hamma ko'rsin deb. Pentagon shuni tasdiqlabdi.
Jinoyatchi javobgarlikka tortilishi boshqa va uni butun dunyoga jonli efirda ko'rsatilishi esa umuman boshqa narsa. Birinchi haqida gap ketmayapti bu yerda. Ommaviy qatl degan narsa faqat Shimoliy Koreya bilan Eronda qolgan ekan. Lekin, hatto ularda ham jonli efirda ko'rsatmaydi. Daxshata?
Ikkinchidan, bugun prezident Tramp end AQSh Rossiyadan neft sotib oladi, deb tantanali e'lon qilibdi. Butun boshli Yevropa mamlakatlari yillar davomida sanksiya tufayli neft/gazni ancha qimmatroqqa sotib olib kelishayotgan edi, urush mashinasiga ziyon bo'lsin, bu ofat tezroq tugasin deb. Yaqinda AQSh Kongressi ham Lindsay Graham nomli qonunni chiqargan edi, Rossiyadan neft sotib oladigan mamlakatlarga 100% tarif bojini qo'yamiz deb.
Endi esa AQSh o'zi qo'ygan sanksiyani vaqtincha bekor qilib turamiz, neftni Rossiyadan sotib olamiz demoqda.
Bu yerda bir nechta narsa muhim:
1) AQShda saylov mavsumi. Amaldagi hokimiyat yutqazishi oydinlashmoqda. Benzin, oziq-ovqat ancha qimmatlagan. Yagona sabablar bu Eronga qarshi ahmoqona urush va tariflar. Shularni bekor qilish, to'xtatish o'rniga elektoratga "mana sizlarga yangi neft manbasini topib keldik" deyishmoqchi.
2) Rossiyadan bozorga chiqishga ruxsat berilgan neftning ulushi AQSh va global iste'molining 1 foiziga ham yetmaydi. Bundan tashqari, Rossiyaning o'zi qiynalmoqda, ichkarida benzin/neft ratsionida yashab, neftni qayta ishlash zavodlariga bo'layotgan dron xujumlardan. Ya'ni qandaydir bu ramziy kelishuvdek.
3) Neftni narxi ertaga tushmasa, Oklahomadagi fermer sotib oladigan benzin saylovgacha tushmaganida Oq uy aybni endi kimga to'nkaydi? Albatta yopiq Hormuzga emas balki Ukrainaga. Ukraina o'sha neftni qayta ishlash zavodlariga qiladigan muntazam xujumlarini davom ettirsa Oq uy Ukraina endi bizga/bozorga xujum qilmoqda deydi.
4) Neft qimmat narxga chiqqanda, sanksiyani yumshatish va buni tantanaladi tarzda e'lon qilish, "Rossiya bizga qiyin vaziaytga tushib qolganimizda neft sotadigan bo'ldi" deyish nafaqat AQSh davlati tobora jiddiysizlashib borayotganidan darak beradi, balki urush mashinasini to'g'ridan-to'g'ri moliyalashtirishga, uni davom ettirishga ham olib keladi. Tug'ilgan kunida telefon qilib, tabriklab, sanksiyalarni ham yumshatib beribdi. Sharmanda.
5) Boshlab qo'ygan urushni xato deb tan olib, chekinishni istamasa masalan o'sha kerak bo'lgan neftni Kanadadan keladigan importni sal oshirish evaziga ham qoplasa bo'lar edi. Yo'q. Kanada AQSh adminlari uchun dushmandan ham battar bo'lib qolgan. Juda g'alati ishlar.
@uzbekonomics
MrBeastni O'zbekistonga taklif qilishibdi. Dunyoning eng mashhur blogerlaridan biri orqali mamlakatimizni yuz millionlab odamlarga tanishtirish albatta yaxshi.
Lekin menda bir eksperimental taklif bor. MrBeastga Toshkentdan Buxoroga yoki Xivaga bir kunda borib-qaytishni mustaqil rejalashtirib ko'rishni taklif qilaylik. Poyezd yoki samolyot chiptalarini o'zi qidirsin, sotib olsin, ertalab borib, shaharni aylanib, kechqurun qaytishga harakat qilsin. Yoki Xivaga safarini oddiy sayyoh kabi o'zi tashkil qilsin. Hech qanday maxsus samolyot, VIP xizmat, tashkilotchilarning yordamisiz. Oddiy xorijlik sayyoh duch keladigan sharoitda, masalan.
Shunda chiptalar topiladimi, qatnovlar jadvali qulaymi, to'lov qilish osonmi, bir shahardan boshqasiga borish qancha vaqt va pul talab qiladi degan savollarga javob va eng muhimi uning ustida ishlashga undov paydo bo'ladi. Mahalliy bloger aytdi nima, dunyoning #1 blogeri aytsa boshqachada.
Menimcha, bunday tajriba mamlakatimizni reklama qilishdan ham foydaliroq bo'lishi mumkin. Chunki u nafaqat oddiy sayyohlar duch keladigan muammolarni balki o'zbekistonliklarning ham yumushini ko'rsatib beradi. Balki shu orqali yuqoridagi postlarimda (1, 2) aytgan masalalarni biroz bo'lsa ham hal qilib olardik.
Aymoqchimanki, yuz millionlab odamlarga "O'zbekistonga keling, Samarqandni, Buxoroni, Xivani ko'ring", deb reklama qilishimiz yaxshi albatta. Lekin o'sha odamlar kelganidan keyin shaharlarimiz o'rtasida erkin, xavfsiz va qulay harakatlana olmasa (chipta borligi, kunlik qatnov, to'lov vhkz), reklamaning iqtisodiy samarasi ham cheklanib qoladi.
Shu orada o'ylab qoldim. Dunyoning boshqa eng katta inflyuenserlaridan biri bo'lgan "ishowspeed" O'zbekistonga ham bir kun aniq keladi, bu vaqt masalasi. Lekin, unga ham oddiy sayyoh sifatida aylanish, kelish imkonini bersak aeroportdan ham o'ta olmasligi, kiritilmasligi mumkin. Chunki, uning jamoasi ko'chada yurib strim qilayotganda doimo Startlink internet/modemini ko'tarib yurishadi, foydalanishadi. O'zbekistonga esa, bilishim bo'yicha, Starlinkni olib kirish mumkin emas.
@uzbekonomics
O'zbekiston iqtisodiy rivojlanishda katta sakrash qilishi uchun zarur bo'lgan omillardan biri bu mamlakat ichidagi va tashqi dunyo bilan transport aloqalarini keskin yaxshilash deb hisoblayman.
Bizga mamlakat ichida ko'proq va tez-tez qatnaydigan poyezdlar, ichki aviaqatnovlar, arzon aviakompaniyalar, xorijga ko'proq to'g'ridan-to'g'ri reyslar, ochiq aeroportlar va, eng muhimi, raqobat kerak. Nega bu iqtisodiyot uchun muhim?
Masalan, Toshkentdagi tadbirkor ertalab Urganchga uchib, bir nechta uchrashuv o'tkazib, kechqurun uyiga qayta olsa, bunday safarni bemalol rejalashtiradi. Ammo bitta uchrashuv uchun ikki-uch kunini sarflashi kerak bo'lsa-chi? Ehtimol, umuman bormaydi. Yoki, shartli Namangandagi ishlab chiqaruvchi o'z mahsulotini Buxoro yoki Nukusdagi xaridorga tez, arzon va ishonchli yetkazib bera olmasa, uning bozori cheklanib qoladi.
Biz yo‘qotayotgan narsa faqat vaqt yoki qimmat chipta puli emas. Balki umuman amalga oshmay qolayotgan uchrashuvlar, shartnomalar, investitsiyalar, savdo va hamkorliklardir. Eng yomoni, bunday iqtisodiy yo'qotishlarni statistikada ko'rinmaydi. Chunki bu faoliyatlar hech qachon yuz bermagan. Natijada firmalar kengayish, ixtisoslashish, ko'proq mijozlarga xizmat ko'rsatish va ishlab chiqarish miqyosi hisobiga xarajatlarini kamaytirish imkoniyatlarini yo‘qotadi. Transport xarajatlari kamayib imkoniyatlar kengaysa, bir viloyatdagi korxonalar boshqa viloyatlardagi xaridorlar uchun ham raqobatlasha boshlaydi. Iste'molchilarning tanlovi kengayadi. Firmalarda narxni pasaytirish, sifatni oshirish va samaraliroq ishlashga rag'bat kuchayadi.
Yana bir misol turizmni olaylik. Chet ellik sayyoh O‘zbekistonga kelib Samarqand, Buxoro, Xiva va Farg'onani ko'rmoqchi. Lekin shaharlar orasidagi qatnovlar siyrak, jadvallar noqulay yoki chiptalar qimmat bo'lsa (topa olsa, sotib olish tizimi bu yana alohida bosh og'riq masalasi), to'rtta shahar o'rniga ikkitasiga borishi mumkin. Yoki umuman boshqa mamlakatni tanlaydi. Bunda yo'qotish faqat sotilmagan poyezd yoki samolyot chiptasi emas. Mehmonxonalar, restoranlar, gidlar, taksichilar va mahalliy tadbirkorlarning ololmay qolgan daromadlari ham bor. Bitta qulay transport aloqasi bir vaqtning o'zida bir nechta sohada iqtisodiy faollikni oshirishi mumkin.
Xalqaro aloqalarda ham xuddi shunday. O'zbekistonga kelmoqchi bo'lgan investor, tadbirkor yoki mutaxassis uchun to'g'ridan-to'g'ri reyslarning mavjudligi, ularning narxi va qatnovlar soni muhim. Biror shaharga yetib borish uchun bir necha marta samolyot almashtirish, ortiqcha kun va pul sarflash kerak bo'lsa, ayrim safarlar umuman amalga oshmaydi. Xalqaro transport aloqalarining sustligi nafaqat sayyohlar, balki investitsiya, bilim va biznes aloqalari uchun ham to'siqdir.
@uzbekonomics
Adabiyot bo'yicha Nobel mukofotini OpenAI oladimi yoki Anthropic?
@uzbekonomics
O'qituvchi va murabbiylarni kasbiy bayram bilan tabriklayman!
Oldin bu kun asosan o'zimga ta'lim bergan ustozlarimni eslash va ularga rahmat aytish, barchani tabriklash edi. Hozir esa o'zim ham professor bo'lib dars berar ekanman o'qituvchilik mehnatining mas'uliyatini ancha boshqacha his qilaman. Bu semestrda 200ta talabaga dars beraman, masalan.
Menga dars bergan, yo'l ko‘rsatgan barcha ustozlarga, va umuman O'zbekistondagi barcha mehnat qilgan va qilayotgan ustozlarga katta rahmat.
Va agar shu yillar davomida siz ham mendan, sinfxonada, qisqa suhbatda, maqolada, podkast, yoki shu kanal orqali - biror yangi narsa o'rgangan bo'lsangiz, bundan men ham juda xursandman. Shunday imkoniyatga ega ekanligimdan juda minnatdorman.
@uzbekonomics
eslatma
(televizorga olib chiqib, yuziga vijir-vijir qo'yib, xalqdan uzr so'ratib, atiga 3 sutkaga qamash, mast ekan deb jazoni yumshatishlarning natijasi)
Yoshlar ijod saroyi bilan Milliy kutubxona o'rtasidagi yerni parkovka qilinayotgani majoziy bo'libdi, ayniqsa shaharning qoq markazida. Bu xato albatta. Shahardagi eng qadrli yerni parkovkaga aylantirish bu isrofgarchilik. Shu joyda odamlar yurar edi, biroz bo'lsa ham. 99% vaqtda qimirlamasdan turadigan mashinaga parkovka qilish o'rniga bolalarga, odamlarga yuradigan, dam oladigan joy qilish kerak edi. Milliy kutubxonaning yonida yana.
Bunday parkovkalar shahar markaziga yanada ko'proq mashinalar kirishiga taklifnoma sifatida xizmat qiladi. Uch qadam uzoqda metro bekati bor. Shaharning qoq markazida mashinada kirib kelishga kamroq rag'bat yaratish kerak edi, teskarisi bo'layotgan ekan.
Tabriklayman, markazda yanada ko'proq tirbandlik bo'ladi demak.
@uzbekonomics
Agar sizda $100 bo'lsa va do'konga kirib unga oziq-ovqat sotib olmaganingiz sababli siz $100 ishlab topgan bo'lmaysiz. Siz shunchaki oziq-ovqatsiz qolgan bo'lasiz. Yoki, siz $1000ga kompyuter sotib olsangiz $1000ni yoqotgan bo'lmaysiz, siz $1000 evaziga kompyuterga ega bo'lib qolgan bo'lasiz. Oziq-ovqat va kompyuter sotib olmasangiz siz yoki ochlikdan qiynalasiz, yoki ishlay olmaysiz yoki qiymat yarata olmaysiz. Qo'lingizdagi pulni hech narsaga ayirboshlay olmaslik bu yutuq emas.
Agar sizga bu tushunchalar tushunarli bo'lsa - tabriklayman.
Ba'zilarga shu iqtisodiyotning eng odda, eng sodda tushunchalari, savdo, defitsit haqida bazaviy tushunchalar haligacha yetib bormagani, yaxshilab tushuntirilmagani odamni hayron qoldiradi.
AQShda iqtisodiy savodsizlik 10 yildan beri kun tartibida turgani odamni achintiradi.
@uzbekonomics
Bugun yonilg'i (dizel) narxi tarixiy maksimumga chiqibdi.
Peter Navarro degan iqtisodchi bor. Savdo masalasi bo'yicha maslahatchi. Buzg'unchi import bojlarini oshirish dasturining boshida turishdan tashqari Eronga urush qilsak benzin narxi tushadi degandi.
@uzbekonomics
Maykl Kremer Jahon Bankining yangi bosh iqtisodchisi etib tayinlanibdi. Development economics yo'nalishi uchun juda yaxshi yangilik.
2019 yilda Duflo va Banerjee bilan birga Nobel mukofotini olgan edi. Chicagoga ketib qolishidan oldin uning bir nechta ma'ruzalariga borishga ulgurgan edim.
https://www.bloomberg.com/news/articles/2026-09-16/nobel-laureate-michael-kremer-picked-as-world-bank-top-economist
@uzbekonomics