Soʻz boyligi va savodni oshiring. Soʻz qoʻllashni oʻrganing. Kirilda: @oriftolibuz Munozara guruhi: @oriftolib_fikrlar Reklama: https://bit.ly/3nHSpI6 Murojaat uchun: @oriftolib_xatlar_bot Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
“Ilmiy fantastika” atamasi qanday paydo boʻlgan?
Bu janrning atoqli vakili Jyul Vern (1828–1905) romanlarini “ilmiy”, boshqa bir mashhur yozuvchi Herbert Uells esa “fantastik” deb hisoblagan. Rus olimi, fan targʻibotchisi Yakov Perelman 1914-yili “Vaznsiz oshxonadagi nonushta” nomli hikoya eʼlon qiladi va uning janrini “ilmiy fantastika” deb belgilaydi.
Perelmanga qadar shunga oʻxshash atamani taniqli rus yozuvchisi Aleksandr Kuprin ishlatgan. U “Rediard Kipling” (1908) nomli maqolasida Herbert Uells va boshqa mualliflarning asarlarini “ilmiy fantastik sayohatlar” deb atagan.
@oriftolib
Oʻzbek tili rivojiga osh markazi ham hissa qoʻsha oladi
Xalq taʼlimi aʼlochisi, “Ustoz – 2020” tanlovi gʻolibi, Toshkent shahridagi prezident maktabining ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Zulfiya Rashidova “Hammabop oʻzbek tili” mualliflik loyihasini yoʻlga qoʻygani haqida oldinroq yozgan edim.
Bugun YouTube kanaldagi bir videoni koʻrib, hayron qoldim: loyiha moliyaviy muammolar sababli biroz toʻxtab qolibdi. Lekin homiy topilib, davom etibdi. Oʻzbek tiliga oid loyihaga kim homiylik qilgan deb oʻylaysiz? U grant ajratadigan biror xalqaro tashkilot, nodavlat uyushma yoki til rivojiga masʼul davlat tashkiloti emas. Koʻpchiligimiz yaxshi biladigan “Beshqozon” osh markazi loyihani qoʻllab-quvvatlabdi. “Hammabop oʻzbek tili”dan ular biror moddiy manfaat olmas, kanal ularni reklama ham qilmas ekan. Eshitib qoyil qoldim, xursand boʻldim.
Kanalni kuzatib boring, foyda berishi aniq:
👉 YouTube: Hammabopozbektili">@Hammabopozbektili
👉 Telegram: @suvaydo
@oriftolib
Qachon tire ishlatilmaydi?
Bilasiz, ot kesimli gap bogʻlamasiz qoʻllanganda ular orasiga tire qoʻyiladi:
Asosiy maqsadim – mohiyatni tushuntirish.
🟢 Lekin ot kesimli gapda har doim ham tire ishlatilavermaydi. Xoʻsh, qaysi holatlarda tire kerakmas?
1️⃣ Ot kesim inkor shaklida boʻlsa; ot va kesim orasida kirish soʻz, undov soʻzlar, yuklamalar kelsa:
Bundan maqsad oʻquvchini chalkashtirish emas.
Eng yaxshi sovgʻa, menimcha, kitob.
Piyoda ham odam.
2️⃣ Ot kesimli gap turgʻun birikmaga – ibora yoki idiomaga aylangan boʻlsa:
Insonning qoʻli gul.
3️⃣ Ega kishilik olmoshlari bilan; ot kesim sifat, ravish, tartib son, qoʻshimchali miqdor son yoki egalik olmoshi bilan ifodalanganda:
Sen Lutfiyning soʻlim gʻazali.
Daftarning rangi yashil.
Uning harakati tez.
Sening navbating toʻrtinchi.
Matndagi xatolar soni sakkizta.
Eti sizniki, suyagi bizniki.
4️⃣ Ot kesim soʻroq olmoshlari yoki yuklamali soʻzlar bilan ifodalanganda:
Imtihon qachon?
Savol bergan kim?
Eng ilgʻor oʻquvchi Saidami?
5️⃣ Ot kesimga kelishik qoʻshimchalari qoʻshilgan boʻlsa:
Kuch adolatda!
Kuch bilim va tafakkurda!
❗️ Ammo bogʻlovchisiz qoʻshma gap tarkibidagi ikkinchi gapning kesimi tushib qolsa, ikkinchi gapdagi egadan keyin tire qoʻyiladi:
Ayrilgan yoʻlda qolar, boʻlingan – doʻlda.
Bulbul chamanni sevar, odam – vatanni.
@oriftolib
Xullas, hammaga rahmat. Kitob o'qiyapsizlar ekan.
Endi “Mutolaa” ilovasida yana qanday qulayliklar boʻlishini istar edingiz?
“Mutolaa” ilovasi kundan-kunga rivojlanib, qulay platformaga aylanib bormoqda. Ayniqsa, shu yaqin kunlarda qoʻshilgan funksiyalar kitobxonlarga yoqadi degan umiddamiz.
1. Audiokitoblarni “tovushbezakli” va “tovushbezaksiz” eshitish funksiyasi. Endi kitobni istasangiz musiqa va turli qoʻshimcha ovoz effektlari bilan yoki, istasangiz, faqat sof ovozda eshitishingiz mumkin.
2. Qidiruv va filtr funksiyalari qulaylashtirildi. Endi oʻzingizga kerakli kitobni janrga, yoshga, muallifga va reytingga qarab topish imkoni mavjud.
3. Mutolaaxonam boʻlimi takomillashtirildi. Bunda sizning ayni vaqtda oʻqiyotgan kitoblaringiz tartib bilan turadi. Bundan tashqari, siz oʻqib boʻlgan kitoblar va oʻqishni reja qilgan kitoblaringiz roʻyxati ham mavjud. Yuklab olgan kitoblaringizni ham shu joydan topasiz. Quyida esa “Javon” turadi.
4. Har bir kitobxonning oʻz kitob javoni boʻladi. Endi “Mutolaa” ilovasi orqali oʻz kitob javoningizni “yasashingiz” mumkin. Javonni nomlab, ularga oʻqigan yoki oʻqishni niyat qilgan kitoblaringizni joylab boring.
5. Shaxsiy statistika! Endi siz kitobxonlik boʻyicha shaxsiy natijalaringizni kuzatib borishingiz mumkin. Qancha kitob oʻqidingiz, qancha vaqt sarfladingiz va h.k.
/channel/bolalar_yozuvchisi/881
Qudaning oshi bilan qudagʻayni siylabdi
Maqoldagi qudagʻay soʻzi bilan xotin quda, er va xotinning ota-onalari va ularning yaqin qarindoshlarining hammasi nazarda tutiladi. Bu soʻz hozirgi tilimizda asosan ayol quda maʼnosida qoʻllanadi.
🟢 Maqolning izohi
Bu maqolni ayyor, makkor, hiylagar, ustomon, birovning doʻppisini birovga, birovning oʻz toʻnini aylantirib kelib oʻziga kiygizadigan, birovlarning narsasi va mablagʻi bilan birovlarni siylab, koʻnglini olib, oʻzini yaxshi, saxiy odam qilib koʻrsatuvchi, shuning evaziga obroʻ-eʼtibor qozonuvchi va hokazo uchar odamlarga nisbatan achchiq kinoya, istehzo yoki hazil-mutoyiba tarzida qoʻllaydilar.
“Hikmatnoma” kitobi asosida
@oriftolib
Portdan oʻtib kelgan pasport
Pasport soʻzi tarkibidagi port shunchaki tasodif emas. Birinchi pasportlar Italiyada paydo boʻlgan. Rassarorto soʻzi lotincha passare – oʻtish, portus – port, bandargoh soʻzlaridan tuzilgandi. Kemalar port orqali oʻtishiga imkon beruvchi ruxsatnomani pasport deb atashgan.
Atama fransuz tiliga mamlakat chegarasini kesib oʻtish ruxsatnomasi maʼnosida kirgan. Soʻng shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki yashash guvohnomasini ifodalashga oʻtgan.
Oʻzbek tiliga ruschadan, ruschaga esa XVIII asr boshlarida nemis yoki fransuzchadan oʻzlashgan. U koʻp vaqtlar pas shaklida ishlatilgan. Pashport yoki pachport shaklida ham qoʻllangan.
Pasport soʻzidan dunyoning juda koʻp tillari ayrim tovush oʻzgarishlari bilan foydalanadi.
@oriftolib
Nutq shtamplari va kanselyarizmlar
4️⃣ Navbatdagi uslubiy xato turi nutq shtamplari va kanselyarizmlardir.
🟢 Kanselyarizm – rasmiy uslubga xos soʻzlar, soʻz birikmalari va gap qurilishining boshqa uslublarda ishlatilishidir. Masalan:
Tinglovchilar maʼruzani maʼlumot uchun qabul qildilar. ❌
Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz. ❌
Maʼruza rasmiy majlisdagi hisobot emas, u maʼlumot uchun qabul qilinmaydi. Noqulayliklar esa keltirilmaydi, yuqoridagi jumlada keltirilgan soʻzidan umuman voz kechish kerak.
Rasmiy uslubga xos nutq shtamplarini badiiy, publitsistik yoki axboriy matnlarda qoʻllash ularning hissiy-emotsional taʼsirini yoʻqqa chiqaradi, boʻyoqdorligini kamaytiradi.
🟢 Nutq shtamplari – eskirgan, boʻyoqdorligini yoʻqotgan soʻz, ibora va jumlalardir. Masalan, matnda bugunlik kunda, maqsadga muvofiq, shuni taʼkidlash oʻrinliki, shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, sir emaski, tizimli ishlar, ob-havo noqulay kelganligi sababli kabi qolip iboralarni ishlatish uning taʼsirchanligini pasaytiradi, originalligiga zarar yetkazadi.
Kalka tarjimalar, tilni yaxshi bilmaslik va uquvsizlik oqibatida yuzaga kelgan qolip ifodalar ham bor: toʻlovni amalga oshirdi, zarbani amalga oshirdi, qattiq qoʻnishni amalga oshirdi, boʻlib hisoblanadi, katta rol oʻynaydi, muhim rol bajaradi, dorini qabul qildi, vaksina qabul qildi, dush qabul qildi, doʻstingiz bilan ulashing.
Nutq shtampining yanglish qoʻllanishiga bir misol:
Oila jamiyatning asosiy boʻgʻini boʻlib hisoblanadi. ❌
Yuqoridagi gapda boʻlib hisoblanadi iborasi ortiqcha, hisoblanadi soʻzini qoldirish ham tahrir nuqtayi nazaridan maʼqullanmaydi. Jumlaning loʻnda va toʻgʻri shakli:
Oila – jamiyatning asosiy boʻgʻini. ✅
Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir. ✅
❗️ Jumladagi jamiyatning asosiy boʻgʻini ifodasini ham bemalol nutq shtampi deyish mumkin. Qoʻllanaverib iyigʻi chiqqan, ohorini butkul yoʻqotgan.
@oriftolib
Diqqat bilan oʻqish sizni dunyoning eng oqil va ijodkor mutafakkirlari bilan hamsuhbat qiladi.
Robin Sharma
“Oʻlsang, kim yigʻlaydi?” kitobidan iqtibos
@oriftolib
Soʻz takrori
3️⃣ Soʻz takrori bir soʻzni ketma-ket oʻrinsiz qayta ishlatishdir:
Oʻqituvchi oldin mavzuni tushuntirdi, keyin savollarga javob berib, tushuntirish berib oʻtdi.
Shuning uchun xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun matnni diqqat bilan tahrirlash zarur.
Jumlalarda ajratib koʻrsatilgan soʻzlarda keraksiz qaytariqlar bor. Ularni quyidagicha berish oʻrinli:
Oʻqituvchi oldin mavzuni tushuntirdi, keyin savollarga javob berdi.
Shuning bois xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun matnni diqqat bilan tahrirlash zarur.
Agar shu bois sabab bogʻlovchisini olib tashlash matn mazmuniga zarar yetkazmasa, uni ham qisqartirish mumkin.
@oriftolib
Aytganim ham masal
Mashhur rus masalchisi Ivan Krilov juda koʻngilchan boʻlganidan muallifi xafa boʻlmasin deb boʻshroq asarlarni ham maqtab qoʻyavergan. Bir safar isteʼdodsiz bir shoir kitobiga oʻzi kirishsoʻz yozib, asariga Krilov yaxshi baho berganini qistirib oʻtadi.
– Koʻrdingmi, Ivan Andreyevich, sening bagʻrikengligingdan foydalanibdi, – deydi yozuvchiga bir doʻsti kuyinib. – Endi doim shu gapni aylantirib yuraveradi.
– Parvo qilma, – deb javob beradi Krilov. – Axir mening yozganim ham, aytganim ham masal. Buni hamma biladi!
👉 Mashhurlar hayotidan
@oriftolib
Biz hamma oʻrganganlarimizni faqat ish jarayonida oʻzlashtiramiz.
Misol uchun, qurilishda ishlagan odam quruvchiga aylanadi, arfa chalgan kishi arfachiga. Shu tarzda biz adolatli ish qilgan paytimizda adolatliga aylanamiz, oʻzini boshqarish talab qiladigan xatti-harakatlardan oʻzimizni idora qilishni oʻrganamiz, jasurlik koʻrsatganimizda esa mard odamga aylanamiz.
Arastu
(Robin Sharmaning “Oʻlsang, kim yigʻlaydi” kitobidagi iqtibos)
@oriftolib
Tashrif bilan kelmaydi, tashrif buyuradi
🟢 Savol:
Elektron nashrlar shu jumlani koʻp qoʻllaydi: “Davlatimiz rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi”. Tashrif bilan kelishga taklif qildi 😂. Mutaxassis sifatida jumlani qanday tahrirlagan boʻlardingiz?
🟢 Javob:
Bu – ruscha прийти с визитом / приехать с визитом iborasining kalka tarjimasi. Oʻzbekchada bu iboralarning maʼno qirralarini ifodalaydigan tashrif buyurmoq, koʻrgani kelmoq, koʻrishga bormoq, borib koʻrmoq, kelmoq, yoʻqlamoq, holidan xabar olmoq kabi feʼllar bor. Tashrif bilan kelish iborasi esa soʻzma-soʻz, oʻzbek tiliga xos boʻlmagan tarjimadir.
Kimdir davlat rahbarlarining kelishi tashrif boʻladi-ku deb eʼtiroz bildirishi mumkin. Toʻgʻri, lekin xuddi oʻsha maʼnoni tashrif buyurmoq iborasi bilan berish kerak-da. Shunisi oʻzbekcha boʻladi, oʻquvchida istehzo yoki tushunmovchilik uygʻotmaydi. Demak, yuqoridagi jumlani quyidagicha berish oʻrinli:
Davlatimiz rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi. ✅
Davlatimiz rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga kelishga taklif qildi. ✅
Bundan-da loʻnda varianti bor. Biror joyga taklif qilish zamirida oʻsha yerga kelish maʼnosi ham bor. Shuning uchun tashrif buyurish yoki kelish soʻzlarini qisqartirsak boʻladi:
Davlatimiz rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga taklif qildi. ✅
🔄 Mavzuga aloqador:
🔹 Tashriflar va ularning bir-biridan farqi
🔹 “Tashrif buyurmadim”, shunchaki “keldim”
🔹 “Uchrashuv oʻtkazdi” va “uchrashdi”: farqi nimada?
@oriftolib
Taxminan: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Baʼzi vergulsevarlar taxminan soʻzini kirish soʻz deb hisoblab, ikki yoniga vergul qoʻyib, oʻrab-chirmab tashlaydi. Aslida vergul kerak emas.
Taxminan arabchadan oʻzlashgan, oʻzbekchada taxminga koʻra; chamalab, taxmin qilib olganda maʼnolarini anglatadi:
Ular bir-biridan taxminan bir yosh-bir yarim yosh farq qiladi.
F. Musajonov, “Nozik masala”.
Qamchi oxirgi marta qatorasiga oʻq otilgan joyni taxminan moʻljalga olgan boʻlsa ham, toʻqayga kirganda moʻljaldan adashdi.
H. Gʻulom, “Mashʼal”.
Oʻzi punktatsiyamiz vergulga toʻla. Keraksiz oʻrinlarda vergul ishlatib, matnni chaman vergulzorga aylantirmaslik kerak. Menga qolsa, koʻp oʻrinlarda, masalan, modal soʻzlar bilan umuman vergul ishlatmaslikni joriy qilardim. Lekin boʻlar ish boʻlgan, boʻyogʻi singgan. Qiyin masala.
“Default” soʻzining tarjimasi nima?
Obunachilardan biri shu soʻzning tarjimasi haqida soʻrabdi. Bu inglizcha soʻz koʻp maʼnoli, oʻrniga qarab turlicha tarjima qilinishi mumkin. U birlamchi, odatiy, standart, yoʻqlik, mavjud emaslik, yetishmovchilik, defolt, oʻz vazifalarini bajarmaslik, aybdorlik, sudda qatnashmaslik, toʻlov qilmaganlik kabi maʼnolarga ega.
Agar saytlar, dastur va ilovalarni oʻzbekchalashtirayotgan boʻlsangiz, birlamchi soʻzi mos tushadi.
The default value is zero. – Birlamchi qiymat nolga teng.
Most people choose the default option. – Koʻpchilik birlamchi variantni tanlaydi.
Are you using the default settings? – Siz birlamchi sozlamalardan foydalanasizmi?
👉 Yuqoridagi kabi oʻrinlarda odatiy, standart soʻzlarini qoʻllasa ham boʻladi. Lekin birlamchi mosroq.
🟢 Boshqa maʼnolariga misollar:
I got a default notice in the mail yesterday. – Kecha toʻlov qilmaganim haqida eslatma oldim.
The whole countyʼs on the edge of default. – Butun mamlakat (okrug) defolt yoqasida turibdi. // Butun mamlakat defoltga yaqin.
Please default me, or else it could get dangerous for everyone. – Meni oʻyindan oling, yoʻqsa, bu barchaga xavfli boʻlishi mumkin.
They have defaulted on their debt repayments. – Ular qarzni soʻndirish boʻyicha majburiyatlarini bajarmadi.
#Soʻragan_edingiz
@oriftolib
Telegram muloqotida til mavzusi ham muhokama qilinadi
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev bugun telegramda muloqot tashkil etyapti ekan. Mavzu: oʻzbek va xorijiy tillarni rivojlantirish, oʻquv markazlari bilan hamkorlik, “Kelajak kasblari” loyihasini davom ettirish.
Muloqot bugun soat 17:30 da boshlanadi:
👉 /channel/alisher_sadullaev?livestream
Muloqotda yoshlar yetakchilari, agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlari, oʻquv markazlari rahbarlari va “Kelajak kasblari” doirasida kasb oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlar qatnashadi.
Tilga olingan mavzular sizga ham qiziq boʻlsa, imkoniyatdan foydalanib qoling. Muloqot barcha uchun ochiq. Jarayon boshlanguncha ham savollar, takliflaringizni qoldirishingiz mumkin.
@oriftolib
Agar biror qizning kamchiligini bilmoqchi boʻlsangiz, uni dugonalari oldida maqtang.
Benjamin Franklin
@oriftolib
Siyosatshunoslik deyilsa, odamga begona va tushuniksiz, kitoblari esa qiyin atamalarga toʻla soha xayolga keladi. Hamid Sodiq ana shu tasavvurni parchalab berayotgan siyosatshunoslardan. U “Lolazor” podkastida mehmon boʻlibdi. Suhbat jonli, keng qamrovli, manfaatli chiqqan. Oʻzbek jamiyatidagi bugungi jarayonlar, holatlar haqida ham yaxshi chizgilar, tushuntirishlar bor.
Koʻring, tavsiya qilaman:
👉 youtu.be/bmkSy0C-LtE
@oriftolib
Aqlning chegarasi bor
Qahvaxonada bir yigit Artur Shopenhauerga qandaydir bir savol beradi. Mashhur faylasuf esa shunchaki:
– Bilmayman, – deb qoʻya qoladi.
Bundan yigitning jahli chiqadi:
– Men sizni donishmand, hamma narsani biladigan odam deb oʻylagan ekanman!
– Bunday oʻylash xato. Aqlning chegarasi bor. Faqat ahmoqlikning chegarasi yoʻq! – deydi Shopenhauer.
👉 Mashhurlar hayotidan
@oriftolib
Eng qisqa xat
Fikrni imkon qadar loʻnda ifodalash yozuvchining mahoratini koʻrsatadi. Atoqli fransuz yozuvchisi Viktor Hyugo eng qisqa xat muallifi sifatida ham eʼtirof etiladi. U “Xoʻrlanganlar” romani sotuvi qanday ketayotganini bilish niyatida kitob doʻkoni egasiga xat yozadi. Maktub birgina belgidan iborat edi:
“?”
Sotuvchi hamma narsani anglaydi va xuddi shunday loʻnda javob yozadi:
“!”
Roman haqiqatan ham juda tez sotiladi va yozuvchiga 400 ming frank qalamhaqi olib keladi.
👉 Mashhurlar hayotidan
@oriftolib
Tadbirkordan yangi “Damas”
Jurnalist Shuhrat Shokirjonov yozyapti:
“Olis Nurobod tumanining Sahoba qishlogʻida yashovchi, turmush oʻrtogʻi ogʻir kasallikdan vafot etgach, 7 qizini bir oʻzi “Kombi” mashinasida tirikchilik qilib boqayotgan Oʻgʻiloy Eshqulovaga samarqandlik saxovatpesha tadbirkor, “Yuksalish group” rahbari Anvar Temirov yap-yangi “Damas” avtomobilini sovgʻa qildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar otasiz oʻsayotgan 7 nafar qizlarni barchasi voyaga yetgunga qadar qizlarning oʻqishlari va oilaning taʼminotini ham oʻz zimmalariga olishdi.
Saxovatpesha yosh tadbirkorlarimiz koʻpaysin”.
Batafsil:
👉 t.me/shokirjonov/7409
@oriftolib
Ehsoningizga ulugʻ ajrlar yozilsin
Xayriya mavzusida deyarli yozmayman. Lekin buni yozmasam boʻlmaydi.
Siz videoda koʻrgan yigitning onasi – ustozimiz. Yigirma yillar burun litseyda bizga dars berishgan. U paytlari Foziljon onasining ortidan chopib yurgan yoshgina bola edi.
Bugun oilaning boshiga sinov tushgan: Foziljonga 2018-yili tarqoq skleroz tashxisi qoʻyilgan. U Hindistonda operatsiya qilinishi uchun 35 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ kerak. Yaqinda Foziljonga yordam berish uchun telegramda @saxovat12 nomli guruh ham ochilibdi.
Baʼzan ehson niyatida yurganlar munosib odam topolmay ham qoladi. Men shu yigit chin koʻngildan qilingan ehsonga – yaxshilikka munosib ekaniga guvohlik beraman.
💳Karta raqamlari:9860082595808294
Bemor Foziljon Rasulov nomida (Humo)5614682714884337
Onasi Gulbahorxon Mamajonova nomida (Uzkard)
🟢 Manzil:
Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumani, Uchkoʻprik shaharchasi, Mulkobod koʻchasi, 24-uy.
@oriftolib
Taqataq va taqa-taq
Talaffuzi bir, ammo imlosida farq boʻlgan bu ikki soʻz turli maʼnoga ega.
🟢 Taqataq soʻzi ikki xil mazmunda qoʻllanadi:
1️⃣ Hammasi birdan, bitta ham qolmasdan; yoppasiga.
Uylarning eshiklari, derazalari taqataq yopiq.
Oybek, “Tanlangan asarlar”.
2️⃣ Butunlay, tamoman.
Toʻrani koʻrib, hamma taqataq toʻxtar, ikki bukilib taʼzim qilardi.
J. Sharipov, “Xorazm”.
🟢 Taqa-taq esa taqlid soʻz. Bir meʼyordagi tez harakatdan, urilishdan hosil boʻladigan ovoz, shovqinni ifodalash uchun ishlatiladi:
Poyezdning taqa-taqi kishini mudratardi.
@oriftolib
Pul har narsaga qodirligini aytayotgan odam pul uchun har narsaga qodir.
Benjamin Franklin
@oriftolib
Husiylarmi yoki husiychilar?
Yamandagi harbiylashgan guruh nomi yirik saytlar va kanallarda ham xato qoʻllanyapti.
Vikipediya maʼlumotlariga koʻra, husiylar – shia zaydiylarining harbiylashtirilgan guruhi. Guruh oʻz asoschisi va ilk rahbari Husayn al-Husiy sharafiga nomlangan. Arabcha nomi: husiyyun. Oʻzbekchasi – husiylar. Bu soʻzga -chi qoʻshimchasini qoʻshish esa mutlaqo ortiqcha.
📌 Demak:
Husiylar ✅
Husiychilar ❌
@oriftolib
Pleonazm
2️⃣ Pleonazm – maʼno takrori yoki maʼno ortiqchaligidir.
Baxillik – yomon illat.
Bu turdagi xatolar juda koʻp uchraydi. Hatto ommaviy axborot vositalari, kitob va qoʻllanmalarda ham bot-bot koʻzga tashlanadi. Bunday birikma va jumlalarning muharrir nigohidan oʻtib ketishiga uning xato ekanini bilmaslik sabab boʻladi. Yuqoridagi jumla mazmuniga eʼtibor qarataylik. Illatning yaxshisi boʻladimi? Yoʻq, albatta. Uning har qanday koʻrinishi yomon.
Kasallik, ayb, jinoyat kabi maʼnolarni ifodalovchi bu soʻz koʻchma maʼnoda meʼyoriylikni buzuvchi salbiy narsa, qusur, kamchilik mazmunini tashiydi. Demak, oʻzi salbiylik maʼno qirrasiga ega soʻzga yana xuddi shu maʼnodagi soʻzni tirkash oʻrinsiz.
Biror illat ajratib koʻrsatilgandagina yomon soʻzidan foydalanish mumkin:
Baxillik – eng yomon illat.
Birinchi misoldagi jumlani esa quyidagicha tahrirlash zarur:
Baxillik – illat.
Ezgu fazilat, narvondan yuqoriga koʻtarildi, gapini qayta takrorladi, noqonuniy brakonyerlar qoʻlga olindi, ortga chekindi, bugungi kunda, ertalabki nonushta kabi soʻz va iboralarda maʼnodagi ortiqchalik – pleonazm bor.
@oriftolib
Uslubiy xatolar
Uslubiy xatolar matn uslubiga xos jihatlar va kommunikativ moslik prinsiplarining buzilishidir. Bunday xatolarga tavtologiya, pleonazm, soʻz takrori, nutq shtamplari, adabiy tilga xos boʻlmagan soʻzlarni oʻrinsiz qoʻllash kabilar kiradi.
1️⃣ Tavtologiya – bir fikrni boshqa soʻz yoki soʻzlar bilan takroran, ortiqcha ifodalash, bir soʻzni ortiq takrorlash. Bunday xato yuzaga kelishiga oʻzakdosh soʻzlar sababchi boʻladi:
Ishxonamizda yuzdan ortiq ishchi ishlaydi.
🟢 Bu kabi holatlarda soʻzlarni sinonimlari bilan almashtirish mumkin:
Korxonamizda yuzdan ortiq ishchi mehnat qiladi. ✅
@oriftolib
Koʻzimda yosh bilan koʻrdim
Bu xabarga oldinroq koʻzim tushgandi-yu, oʻtkazib yuborgandim. Lekin Shuhrat akaning izohini oʻqib, videoni koʻrishga qaror qildim: tul qolgan, endi ayol boshi bilan yetti norasida qizni “Kombi” haydab boqayotgan Oʻgʻiloy Eshqulova haqida koʻrsatuv.
Toʻgʻrisi, videoni koʻzimda yosh bilan tomosha qildim. Qahramon ona. Yetti qizni mehr bilan, himmat bilan tarbiyalayotgan fidoyi ona. Shu oilaning, ayniqsa yetti qizning haqqiga duo qildim: shunday onaning farzandi boʻlish-ku baxt, endi toʻkis baxt nasib etsin.
Koʻring, afsuslanmaysiz:
👉 youtu.be/qdDP-7KSz5I
@oriftolib
Shaxs-sondagi nomutanosiblik
3️⃣ Qoʻshma gaplarda shaxs-sonning nomutanosib qoʻllanishi:
Doʻstim bilan kutubxonaga bordim va bittadan roman oʻqidik.
Birinchi kesim birinchi shaxs birlikda, ikkinchi kesim esa birinchi shaxs koʻplikda tuslangan. Garchi tuslanishda xato yoʻq boʻlsa-da, oʻquvchi mazmunni anglay olsa-da, ikkala kesimni bir xil shaxs-sonda – birinchi shaxs koʻplikda bergan afzal. Bu jumlaning tushunarliligi va ravon anglashilishini taʼminlaydi:
Doʻstim bilan kutubxonaga bordik va bittadan roman oʻqidik. ✅
@oriftolib
2️⃣ Na bogʻlovchisini qoʻllashdagi xatolar:
Na salom, na alik yoʻq, indamay kirib kelaverdi.
Muammoga na hokimlik, na masʼullar eʼtibor qaratmagan.
Na bogʻlovchisi inkor, boʻlishsizlik maʼnosiga ega va u qatnashgan jumladagi kesim boʻlishli shaklda qoʻllanadi. Chunki na soʻzidagi inkor maʼnosi kesim mazmuniga ham taʼsir qiladi va yana boʻlishsiz maʼnoli soʻz yoki qoʻshimcha talab etilmaydi:
Na salom, na alik bor, indamay kirib kelaverdi. ✅
Muammoga na hokimlik, na masʼullar eʼtibor qaratgan. ✅
@oriftolib
🇹🇷 Turkiyaga borasizmi?
– Qachon?
– 9-iyun, 16:00da.
– Qayerda?
– Yoshlar ijod saroyida.
– Nima boʻlyapti?
– Maxsus masterklass.
– Qanday mavzuda?
– “Turk tilini oʻrganish va turk tilidan sertifikat olish uchun tayyorlanishning tez va samarali yoʻllari” mavzusida.
– Kim olib borar ekan?
–Turk tilini oʻrgatish boʻyicha 10 yildan ortiq tajribaga ega Gʻulomjon Sobirov ustoz.
* Boshqa savollar yoʻq boʻlsa, tezda roʻyxatdan oʻting: https://forms.gle/fWc37Nxq8smZcgjD8
🔵 Batafsil:
Ibrat farzandlari
@oriftolib